Eronda Isroil foydasiga josuslikda ayblangan uch kishi qatl etildi

Bekzod Nazarov2 daqiqalik o'qish

Eronda Isroil foydasiga josuslikda ayblangan uch kishi qatl etildiEron shimoli-g'arbidagi G'arbiy Ozarbayjon viloyatida Isroil razvedka xizmati foydasiga josuslik qilishda ayblangan Yoqub Karimpur va Nosir Bekarzoda qatl qilindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Shuningdek, Isfahon viloyatidagi Natanz yadroviy poligoni hududida maxfiy ma'lumotlarni to'plashda aybdor deb topilgan yana bir shaxsga nisbatan o'lim hukmi ijro etildi. Bu haqda Eron Oliy sudi rasmiy axborot berdi.

Sud bayonotiga ko'ra, mahkumlarga nisbatan chiqarilgan dastlabki hukm yuqori instansiya tomonidan o'z kuchida qoldirilgan. Barcha huquqiy jarayonlar yakunlangach, jazo 2 may kuni tongda osib o'ldirish orqali amalga oshirildi.

Tergov hujjatlarida qayd etilishicha, Karimpur va Bekarzoda 2025 yil iyul oyida AQSh va Isroilning Eronga qarshi 12 kunlik harakatlari davrida "Mossad" xodimi bilan muntazam aloqada bo'lgan. Ular kriptovalyuta evaziga mamlakatdagi strategik ob'ektlar va aniq shaxslar to'g'risidagi maxfiy ma'lumotlarni xorijga yetkazib turgan.

Shuningdek, ayblanuvchilar portlovchi qurilmalar yasash bo'yicha maxsus tayyorgarlikdan o'tib, bir qator manzillarda portlashlar sodir etgani aniqlangan. Ushbu hodisalar aks etgan videotasvirlar Isroil tomonidan moliyalashtiriladigan "Iran International" telekanali orqali mamlakatdagi vaziyatni beqaror ko'rsatish maqsadida efirga uzatilgan.

Bundan tashqari, Karimpur Karaj va Mashhad shaharlarida bankomatlarga o't qo'yish kabi qo'poruvchilik harakatlarini tashkil qilgan. Eron xavfsizlik kuchlari josuslar Tehron yaqinidagi Natanz uranni boyitish zavodi, muhim davlat komplekslari, diniy ulamolar va mahalliy amaldorlar haqidagi ma'lumotlarni ham Isroil tomoniga taqdim etganini ma'lum qildi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish