AQShda federal darajadagi o'lim jazosiga qo'yilgan moratoriy bekor qilindi
AQShda inson huquqlari va sud tizimida keng muhokamalarga sabab bo'lgan siyosiy o'zgarish amalga oshirildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Jo Bayden prezidentligi davrida federal darajadagi qatllarga o'rnatilgan taqiq rasman o'z kuchini yo'qotdi. Mamlakat Adliya vazirligi oliy jazoni ijro etish tartibi qayta tiklanganini e'lon qildi.
Adliya vazirligi 25-aprel kuni federal qatllarga qo'yilgan moratoriy bekor qilinganini tasdiqladi. Idora bayonotiga ko'ra, hukumat qonuniy kuchga kirgan o'lim hukmlarini ijro etish majburiyatini o'z zimmasiga olgan.
Ushbu qaror barcha apellyatsiya bosqichlaridan o'tgan mahkumlar uchun jazo muqarrar ekanini anglatadi. Yangi tartibga muvofiq, Donald Trampning birinchi prezidentlik muddatida qo'llangan zaharli in'eksiya protokoli qayta tiklandi.
Shuningdek, qatl qilish usullari ro'yxatiga otib o'ldirish kabi qo'shimcha variantlar kiritilib, o'lim jazosiga oid ishlarni ko'rib chiqish jarayoni tezlashtirildi. AQSh bosh prokurori vazifasini bajaruvchi Todd Blansh Bayden ma'muriyati yondashuvini tanqid qilib, oliy jazodan voz kechishni jamoatchilik xavfsizligini ta'minlashdagi mas'uliyatsizlik deb baholadi.
Blanshning so'zlariga ko'ra, Tramp rahbarligida vazirlik qonun ustuvorligini ta'minlash va jinoyat qurbonlarini qo'llab-quvvatlash yo'liga qaytmoqda. Ma'lumot o'rnida, 2025-yil yanvar oyida Tramp federal darajada o'lim jazosini tiklash haqidagi farmonni imzolagan edi.
Mazkur huquqiy o'zgarishlarning ilk natijasi sifatida 7-mart 2025-yil kuni AQShda oxirgi 15 yil ichida birinchi marta otib o'ldirish hukmi ijro etildi. 67 yoshli Bred Kit Sigmon 2001-yilda sodir etgan qotillik jinoyati uchun javob berdi.
Mahkumning o'zi elektr stuli yoki in'eksiyadan ko'ra otib o'ldirilish variantini tanlagan. Hukm maxsus jihozlangan xonada, ijrochilar shaxsi sir saqlangan holda amalga oshirildi.