AQSHda Donald Tramp tasvirlangan yangi banknota muhokamalarga sabab bo‘lmoqda

Bekzod Nazarov2 daqiqalik o'qish

AQSHda Donald Tramp tasvirlangan yangi banknota muhokamalarga sabab bo‘lmoqdaAmerika Qo‘shma Shtatlarida mamlakat tashkil topganining 250 yilligi munosabati bilan yangi 250 dollarlik banknotani muomalaga chiqarish tashabbusi jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Ushbu loyihaga ko‘ra, banknotada Donald Trampning surati aks etishi rejalashtirilgan. Agar mazkur g‘oya amalga oshsa, 160 yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor tirik shaxsning qiyofasi AQSH milliy valyutasida paydo bo‘ladi.

Biroq, Gravirovka va bosma ishlar byurosi bu jarayon murakkab huquqiy ekspertiza va texnik tayyorgarlikni talab etishini bildirmoqda. The Washington Post nashrining xabar berishicha, Tramp ma’muriyati G‘aznachilik departamenti orqali byuroga bosim o‘tkazib, dizayn ishlarini tezlashtirishni talab qilmoqda.

Xususan, Brendon Bich va Mayk Braun kabi mas’ullar jarayonni jadallashtirishga urinmoqda. Biroq, 1866 yildan buyon amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga ko‘ra, AQSH valyutasida faqat vafot etgan shaxslarning tasviri bo‘lishi mumkin.

Mazkur banknota dizayni ustida britaniyalik rassom Ian Aleksander ish olib bormoqda. Rejaga ko‘ra, Donald Trampning portreti kupyuraning markazida, G‘aznachilik kotibi Skott Bessentning imzosi bilan birga joylashtiriladi.

Siyosiy qarama-qarshiliklar sababli Gravirovka va bosma ishlari byurosi direktori Patrisiya Solimen lavozimidan ozod etilgani ham ma’lum bo‘ldi. Ayni damda esa Vashingtondagi bosmaxonada Donald Trampning imzosi tushirilgan yangi 100 dollarlik kupyuralar chop etilmoqda.

Hozirgi kunda muomaladagi 1, 2, 5, 10, 20, 50 hamda 100 dollarlik banknotalarda Jorj Vashington, Tomas Jefferson, Avraam Linkoln, Aleksandr Gamilton, Endryu Jekson, Uliss Grant va Benjamin Franklin kabi tarixiy shaxslar tasvirlangan. Kongressga kiritilgan yangi qonun loyihasi taqdiri esa hozircha noaniqligicha qolmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish