
«Milan» yozgi transfer oynasida ikki nafar futbolchisi bilan xayrlashishni rejalashtirmoqda Italiyaning «Milan» klubi yozgi transferlar vaqtida tarkibni sezilarli darajada o'zgartirish niyatida. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
TUTTOmercatoWEB nashri bergan ma'lumotlarga ko'ra, «rossoneri» rahbariyati markaziy yarim himoyachi Ardon Yashari va hujumchi Kristofer Nkunkuning ko'rsatayotgan o'yinidan norozi bo'lmoqda. Manbaga ko'ra, Italiya klubi ushbu futbolchilarning transferi bo'yicha keladigan takliflarni ko'rib chiqishga tayyor.
«Milan» rahbariyati Yashari va Nkunku uchun sarflangan mablag'larni qoplab olishni maqsad qilgan. Ma'lum qilinishicha, klub ushbu ikki o'yinchini sotib olish uchun jami 80 mln yevro atrofida mablag' sarflagan edi.
Joriy mavsumda shveysariyalik futbolchi Yashari 13 ta uchrashuvda maydonga tushib, bor-yo'g'i bitta golli uzatmani amalga oshirdi. U asosiy tarkib uchun kurashda Luka Modrich va Samuele Richchiga imkoniyatni boy bergan.
Fransiyalik hujumchi Nkunku esa 30 ta o'yinda ishtirok etib, o'z hisobiga oltita gol va uchta samarali uzatmani yozdirib qo'ydi. Shunga qaramay, uning natijalari klub rahbariyatining talablariga javob bermayapti deb hisoblanmoqda.