
"Real Madrid" klubi "Shtutgart" yarim himoyachisi Chema Andresni transfer qilish imkoniyatlarini ko'rib chiqmoqda. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Marca nashri bergan ma'lumotlarga ko'ra, "qirollik klubi" yozgi transfer oynasida o'z tarbiyalanuvchisini tarkibga qaytarishni rejalashtirgan. 20 yoshli futbolchining shartnomasida 13,5 mln yevro miqdorida qayta sotib olish bandi mavjud bo'lib, Madrid klubi o'tgan yili o'yinchini Germaniyaga sotayotganda ushbu bandni alohida kiritgan edi.
Chema Andres joriy mavsumda "Shtutgart" safida jami 35 ta uchrashuvda maydonga tushib, o'z hisobiga 3 ta gol va 2 ta golli uzatmani yozdirib qo'ydi. Transfermarkt portali mutaxassislari yosh ispaniyalik iqtidorning bozor qiymatini 15 mln yevroga baholamoqda.
Ta'kidlash joizki, yarim himoyachi Germaniyaga yo'l olishidan avval "Real Madrid"ning asosiy jamoasi safida uchta o'yinda ishtirok etishga ulgurgan edi. Hozirda klub mutasaddilari uning o'sish dinamikasini diqqat bilan kuzatib bormoqda.