
Eron Oliy rahbari Mojtaba Xomanaiy fevral oyining 28-ida Tehronda bo‘lib o‘tgan havo hujumi chog‘ida tan jarohati olgani tasdiqlangan. Xorijiy OAV xabar berganidek, bu hujum Isroil tomonidan uyushtirilgan va mintaqada keskinlikni oshirgan. The New York Times nashri Erondagi ishonchli manbalarga tayanib, Xomanaiyning yuzida jiddiy kuyishlar borligini va bu esa uning nutqiga ta’sir qilayotganini ma’lum qildi. Shifokorlar unga yaqin kunlarda plastik jarrohlik qilishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyining oxiridan buyon Xomanaiy bir oyog‘ida bir necha bor – kamida uch marta jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Tibbiyot xodimlari uning sog‘lig‘ini barqarorlashtirish uchun harakat qilayotgan bo‘lsada, kelajakda protez oyoqqa muhtoj bo‘lishi mumkinligi istisno qilinmaydi. Bundan tashqari, yaqinda unga qo‘lida ham jarrohlik amaliyoti qilingani qayd etilgan.
Manbalar Xomanaiyning hozirda ongli ekanligini va vaziyatni nazoratda ushlab turganini ta’kidlamoqda. Biroq, u ayrim strategik qarorlarni qabul qilish vakolatini harbiy rahbarlar va generallarga topshirgan. Bu esa mamlakat boshqaruvida vaqtinchalik o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Eron Oliy rahbari hozircha jamoatchilikka murojaat qilmayapti, chunki u “zaif yoki kuchsiz ko‘rinishni istamaydi” deyilmoqda.
8-mart kuni lavozimga kirishganidan beri Xomanaiy asosan yozma bayonotlar bilan cheklanib, ularni ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilmoqda. Eron Tashqi ishlar vazirligi Xomanaiyning sog‘lig‘i to‘liq tiklanishi uchun vaqt kerakligini bildirgan. Xalqaro hamjamiyatda ham bu voqea bo‘yicha turli fikrlar bildirilmoqda, jumladan, Donald Tramp Eron yetakchisining hayoti haqida shubha izhor qilgan. Eslatib o‘tamiz, Mojtaba Xomanaiy lavozimga kirishidan oldin uning otasi Ali Xomanaiy Eron Oliy rahbari bo‘lgan va aynan shu hujumda vafot etgan.