AQSh tangalarida Kolumbiya kartelining noqonuniy oltini aniqlandi?

Bekzod Nazarov2 daqiqalik o'qish

AQSh tangalarida Kolumbiya kartelining noqonuniy oltini aniqlandi?
Amerikalik investorlar orasida keng tarqalgan investitsiya tangalari bilan bog'liq skandal jamoatchilik e'tiborini tortmoqda. Xorijiy OAV xabar berganideк, AQSh zarbxonasi noqonuniy yo'llar bilan olingan oltinlarni tozalashda ishtirok etgan bo'lishi mumkin, bu oltinlar Kolumbiyaning eng xavfli jinoyat tuzilmalari bilan bog'liq. Ushbu holatga doir tergov natijalari jiddiy savollarni keltirib chiqardi.

Tergovga ko'ra, noqonuniy qazib olingan oltin Kolumbiyaning “Clan del Golfo” karteli nazoratidagi “La-Mandingu” konlaridan boshlanib, Kaukasiya shahridagi savdogarlar orqali “qonuniy” hujjatlar bilan ta'minlanadi. So'nggi bir yil davomida taxminan 255 million dollarlik oltin Texas shtatidagi Dillon Gage zavodiga yetkazilgan. Zavodda qayta eritilgan oltin AQSh zarbxonasiga “Amerika oltini” sifatida taqdim etilgan.

Ushbu xomashyodan yillik aylanmasi 1 milliard dollardan ortiq bo'lgan mashhur “Amerika oltin burguti” tangalari ishlab chiqariladi. 1985 yilgi qonunga ko'ra, zarbxona faqat AQSh hududida qazib olingan oltindan foydalanishi kerak bo'lsada, Moliya vazirligining 2024 yilgi auditi zarbxona oxirgi yigirma yil davomida oltin manbai bo'yicha tekshiruvlar o'tkazmaganini aniqladi. Bu holat yuzlab million dollarlik xorijiy va shubhali oltinning ta'minot zanjiriga kirishiga olib kelgan.

AQSh moliya vaziri Skott Bessent vazirlik tomonidan bu borada tergov boshlanganini e'lon qildi. Uning so'zlariga ko'ra, maqsad yetkazib beruvchilarning qonunga rioya qilishini ta'minlash va milliy xavfsizlikni himoya qilishdir. Shu bilan birga, vazirlik xorijiy oltindan butunlay voz kechilsa, investitsiya tangalariga bo'lgan talabni qondirish qiyinlashishi mumkinligini tan oldi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish