AQSh zarbxonasi Kolumbiya kriminallari oltinini "yuvish"da gumon qilinmoqda
AQShning investitsiya tangalari ishlab chiqarilishi bilan bog'liq yirik mojaro yuzaga keldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. The New York Times nashri o'tkazgan surishtiruvga ko'ra, AQSh zarbxonasi Kolumbiyadagi jinoiy guruhlarga aloqador bo'lgan metallarni qayta ishlash bilan shug'ullangan bo'lishi mumkin. Jinoiy sxema tafsilotlariga ko'ra, noqonuniy oltin zanjiri Kolumbiyaning "Clan del Golfo" narkokarteli nazoratidagi "La-Mandinga" yashirin konlaridan boshlanadi.
Kaukasiya shahridagi vositachilar orqali hujjatlashtirilgan metall Texasdagi Dillon Gage zavodiga yuborilgan. So'nggi bir yil ichida ushbu korxonaga 255 mln dollarlik shubhali xomashyo yetkazib berilgani aytilmoqda.
Zavodda qayta eritilgan oltin "Amerika mahsuloti" sifatida rasmiylashtirilib, AQSh zarbxonasiga topshirilgan. Mazkur oltindan yillik aylanmasi 1 mlrd dollardan ortiq bo'lgan "Amerika oltin burguti" tangalari zarb qilingan.
AQSh Kongressi 1985 yilda qabul qilgan qonun talabiga binoan, zarbxona faqat mamlakat ichida qazib olingan oltindan foydalanishi shart. Biroq AQSh Moliya vazirligi o'tkazgan 2024 yilgi audit muassasaning so'nggi 20 yil davomida xomashyo manbasini tekshirmaganini ko'rsatdi.
Tekshiruvlar yo'qligi sababli ta'minot zanjiriga xorijdan kirib kelgan shubhali oltinlar aralashib ketgan. Moliya vaziri Skott Bessent holat yuzasidan qat'iy choralar ko'rilishini e'lon qildi.
Vazirlik yetkazib beruvchilar ustidan nazoratni kuchaytirishni maqsad qilgan bo'lsa-da, jiddiy muammoga duch kelgan. Agar xorijiy oltin yetkazib berilishi butunlay to'xtatilsa, bozordagi investitsiya tangalariga bo'lgan yuqori talabni qondirish imkoniyati xavf ostida qoladi.