
Italiyaning "Napoli" va "Yuventus" klublari Lissabonning "Sporting" jamoasi yarim himoyachisi Issa Dumbiyaga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Futbolchining agenti Italiya klublari bilan dastlabki aloqalar o‘rnatilganini tasdiqladi, biroq transfer narxining yuqoriligi kelishuvga erishishda asosiy to‘siq bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. 2003-yilda tug‘ilgan Issa Dumbia o‘tgan yozda "Venetsiya" klubidan 23 million yevro evaziga "Sporting" safiga o‘tgan edi.
Joriy mavsumda yosh futbolchi Portugaliya chempionati, Chempionlar ligasi va Italiya terma jamoasi tarkibida barqaror o‘yin namoyish etib, mutaxassislar e’tiborini tortmoqda. Futbolchining agenti Shayx Sadibu "Stile TV" nashriga bergan intervyusida mijozining rivojlanish jarayoni ijobiy kechayotganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "Napoli" vakillari bog‘lanishgan, ammo hozircha hech qanday rasmiy takliflar kelib tushmagan. Dumbiyaning "Sporting" bilan amaldagi shartnomasi 2031-yilga qadar mo‘ljallangan.
Shartnomada belgilangan tovon puli 80 million yevroni tashkil etadi. "Calciomercato" xabariga ko‘ra, bu summa Italiya klublari uchun juda katta hisoblanadi.
Shu bois "Napoli" va "Yuventus" avval futbolchi bilan kelishuvga erishib, keyinchalik "Sporting" rahbariyatini transfer narxini kamida ikki baravarga tushirishga ko‘ndirish rejasi ustida ishlamoqda. Hozircha tomonlar muzokaralarni davom ettirmoqda.






Izohlar
0