
Myunxenning «Bavariya» klubi markaziy himoyachisi Kim Min Je Yevropaning bir qator nufuzli jamoalari e’tiborini tortmoqda. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Bild nashrining xabar berishicha, Italiyaning «Yuventus» hamda Turkiyaning «Galatasaroy» va «Beshiktosh» klublari janubiy koreyalik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Mazkur jamoalar allaqachon Myunxen klubi rahbariyati bilan transfer masalasida dastlabki bog‘lanishlarni amalga oshirgan.
29 yoshli himoyachining «Bavariya»dagi kelajagi hozircha mavhumligicha qolmoqda. Garchi futbolchining amaldagi shartnomasi 2028-yilning iyuniga qadar mo‘ljallangan bo‘lsa-da, klub tomoni hamkorlikni uzaytirish bo‘yicha yakuniy qarorga kelmagan.
Shunga qaramay, Kim Min Je murabbiy Vensan Kompani qo‘l ostida barqaror o‘yin ko‘rsatmoqda va raqobatga qaramay, asosiy tarkibdan o‘rin olishga muvaffaq bo‘lyapti. Futbolchining shartnomasida tovon puli sifatida 110 million yevro belgilangan.
Biroq ekspertlarning fikricha, potensial xaridorlar bunday katta mablag‘ni to‘lashga tayyor emasligi ehtimoli yuqori. «Bavariya» rahbariyati yaqin fursatlarda futbolchi bilan muzokaralar o‘tkazib, uning kelajagiga oydinlik kiritishni rejalashtirmoqda.
Agar Kim Min Je yozgi transfer oynasida jamoani tark etadigan bo‘lsa, myunxenliklar uning o‘rniga «Benfika» himoyachisi Tomas Arauju yoki «Shtutgart» vakili Finn Yelchni xarid qilish variantlarini ko‘rib chiqishi mumkin.






Izohlar
0