
Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov davlat oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan tanqidiy ruhdagi kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur uchrashuvda oliy ta’lim tizimidagi mavjud muammolar, ta’lim sifatini oshirish va boshqaruv samaradorligini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, tizimdagi rahbar kadrlar va mas’ul shaxslarning o‘z vazifalariga qay darajada mas’uliyat bilan yondashayotganini aniqlash maqsadida maxsus ishchi guruh tuzilishi rasman e’lon qilindi.
Ushbu tuzilma vakolatli shaxslarning faoliyatini har tomonlama tahlil qilib, ularning egallab turgan lavozimiga loyiqligini baholaydi. Vazirlik tomonidan tarqatilgan rasmiy xabarga ko‘ra, muhokama markazida ta’lim sifati va oliygohlar faoliyatini takomillashtirish masalalari turibdi.
Tizimda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda ta’lim muassasalari boshqaruvini yanada shaffof va samarali tashkil etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Ishchi guruh faoliyati natijalari asosida tegishli kadrlar bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.






Izohlar
0