
O‘zbekistonning axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik sohasi vakillari o‘rtasida jiddiy xavotir uyg‘otgan holat yuz berdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Darknet tarmog‘idagi yashirin domenlardan birida o‘zini BUTTERFLY deb tanishtirgan xakerlar guruhi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligining himoyalangan ma’lumotlar bazasiga noqonuniy kirishga muvaffaq bo‘lganliklarini e’lon qildi. Ushbu guruh tarqatgan xabarga ko‘ra, ular agentlik tizimini buzib kirib, 27 milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosiga tegishli maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.
Hozircha mazkur hodisaning qay darajada haqiqat ekanligi va sizib chiqqan ma’lumotlarning hajmi bo‘yicha rasmiy idoralar tomonidan aniq tekshiruvlar olib borilmoqda. Mutaxassislar ushbu holat davlat organlarining kiberhimoya tizimini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatib berayotganini ta’kidlamoqda.
Ayni damda tegishli vazirlik va idoralar vaziyatni nazoratga olgan holda, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda xakerlar tomonidan keltirilgan da’volarning qanchalik asosli ekanligini aniqlash yuzasidan surishtiruv ishlarini davom ettirmoqda. Fuqarolardan shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi borasida hushyor bo‘lish va rasmiy axborotlarga tayanib ish ko‘rish tavsiya qilinadi.






Izohlar
0