
Italiya chempionatida muvaffaqiyatsiz ishtirok etayotgan «Napoli» klubida kadrlar almashinuvi yuz berishi mumkin. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Xorijiy OAV xabarlariga ko‘ra, jamoaning joriy mavsumdagi qoniqarsiz natijalari ortidan klub rahbariyati keskin choralar ko‘rishga tayyorlanmoqda. Qizig‘i shundaki, ishdan bo‘shatilishi kutilayotgan birinchi shaxs bosh murabbiy emas, balki sport direktori Jovanni Manna bo‘lishi mumkin.
«La Repubblica» nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, «Napoli» prezidenti Aurelio De Laurentis yuzaga kelgan inqirozli vaziyatni to‘xtatish va jamoa ichidagi muhitni o‘nglash maqsadida shunday qarorga kelgan. Klub rahbari bu qadam orqali futbolchilarga va butun tarkibga jiddiy signal yubormoqchi.
Ayni damda klubda birinchi navbatda intizomiy yig‘inlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Biroq mutaxassislar bu chora muammolarni to‘liq hal qilmasligini ta’kidlashmoqda.
Xususan, «Latsio»ga qarshi bo‘lajak uchrashuv jamoa uchun hal qiluvchi pallaga aylanadi. Mazkur bahs nafaqat murabbiylar shtabi, balki butun jamoa taqdiri uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Jamoa ichidagi kelishmovchiliklar va tushunmovchiliklar mavsumning qolgan qismiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun futbolchilar maydonda darhol ijobiy natija ko‘rsatishi talab etiladi. Hozirgi vaziyatda klub uchun har bir ochko va o‘yin o‘ta muhim hisoblanadi.






Izohlar
0