
«Man Siti» hujumchisi Erling Xoland Chempionlar ligasi yarim finali doirasida bo'lib o'tgan PSJ va «Bavariya» jamoalari o'rtasidagi uchrashuv haqida o'z fikrlarini bildirdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Parijda kechgan bahsda jamoalar darvozalarga jami to'qqizta gol kiritdi. 5:4 hisobida yakunlangan o'yin turnirning yarim final bosqichi uchun natijaviylik bo'yicha yangi rekordni o'rnatdi.
Norvegiyalik forvard uchrashuv davom etayotgan bir paytda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida o'yin suratini joylab, qisqa iqtibos qoldirdi. Erling Xoland: «Bu – futbol», deya qayd etgan.
Mazkur to'qnashuvning javob o'yini 6-may kuni Myunxen shahrida bo'lib o'tishi rejalashtirilgan. Turnirning final yo'llanmasi uchun ikkinchi juftlikda Londonning «Arsenal» hamda Madridning «Atletiko» jamoalari bahs olib boradi.
Ma'lumot uchun, Erling Xoland harakat qilayotgan «Man Siti» jamoasi joriy mavsumda Chempionlar ligasidagi ishtirokini 1/8 final bosqichida yakunlagan edi. O'shanda «shaharliklar» «Real Madrid» jamoasiga imkoniyatni boy berib, musobaqani tark etgan edi.
Hozirda hujumchi turnirning hal qiluvchi bahslarini tomoshabin sifatida kuzatib bormoqda.