
Moskva «Dinamo» klubining sobiq yarim himoyachisi Matye Valbuena faoliyatini davom ettirishga qaror qildi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
41 yoshli fransiyalik tajribali futbolchi Malta ikkinchi ligasi vakili «Santa-Luchiya» klubi bilan shartnoma imzoladi. Valbuena o‘z faoliyati davomida issiq iqlimli hududlardagi jamoalarda to‘p surishni ma’qul ko‘rishi bilan ajralib turadi.
U bungacha Gretsiyaning «Olimpiakos» klubi, shuningdek, Fransiyaning nomdor «Marsel» jamoasi sharafini himoya qilgan. Sentyabr oyida 42 yoshga to‘ladigan futbolchi Rossiya premer-ligasida ham o‘zini ko‘rsatishga ulgurgan.
Xususan, u 2014-2015-yilgi mavsumda Moskvaning «Dinamo» klubi safida maydonga tushgan edi. Tajribali futbolchining xalqaro maydondagi faoliyati ham boy.
U 2010-yildan 2015-yilga qadar Fransiya milliy terma jamoasi safida 50 dan ortiq o‘yinda ishtirok etgan. Shu bilan birga, uning nomi 2015-yilda shov-shuvli voqealar bilan ham bog‘langan.
O‘sha vaqtda Valbuena Karim Benzema tomonidan uyushtirilgan shantaj qurboniga aylangan edi. Ushbu mojaro ortidan har ikki futbolchi ham milliy terma jamoadagi o‘rnini yo‘qotgan va ko‘p yillar davomida terma jamoaga jalb etilmagan.
Shunga qaramay, Valbuena yoshiga qaramay, futbolga bo‘lgan ishtiyoqini so‘ndirmay, maydondagi faoliyatini davom ettirmoqda.