
Fransiyaning Lans klubi o‘zbekistonlik futbolchilarga bo‘lgan qiziqishini davom ettirmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Avvalroq himoyachi Abduqodir Husanovni o‘z safiga qo‘shib olib, uni katta Yevropa futboliga olib chiqqan mazkur jamoa, endilikda yarimhimoyachi Umarali Rahmonaliyev nomzodini jiddiy ko‘rib chiqmoqda. Fransiya sport matbuoti va nufuzli insayderlarning xabar berishicha, klub vakillari o‘zbekistonlik iqtidorli futbolchi bilan shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda.
Ayni damda Yevropa Chempionlar ligasida ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rayotgan Lans rahbariyati tarkibni kuchaytirish maqsadida seleksiya ishlarini faollashtirgan. Rahmonaliyevning o‘yin uslubi va maydondagi harakatlari fransiyalik mutaxassislar e’tiborini tortgan ko‘rinadi.
Agar muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, yosh yarimhimoyachi faoliyatini Yevropaning kuchli chempionatlaridan birida davom ettirishi mumkin. Bu transfer o‘zbek futboli uchun yangi bosqich bo‘lib, yosh iqtidorlarning xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hozircha tomonlar rasmiy kelishuv bo‘yicha aniq ma’lumot berishmagan bo‘lsa-da, transfer jarayoni yaqin kunlarda oydinlashishi kutilmoqda.






Izohlar
0