
Ukraina hukumati vaqtincha bosib olingan hududlardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, milliy g‘alla zaxiralarini noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqib ketish hamda ularni xalqaro bozorlarda sotish bilan shug‘ullanayotgan global logistika tarmog‘iga nisbatan yangi sanksiyalar paketini joriy etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 14 avgust kuni Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining ushbu noqonuniy savdo zanjiriga qarshi qaratilgan qarorini tasdiqladi. Mazkur cheklov choralari bosib olingan hududlardan o‘g‘irlangan g‘alla eksportini amalga oshirishda ishtirok etayotgan kompaniyalar va vositachi shaxslar faoliyatini cheklashga qaratilgan.
Rasmiy Kiyev bayonotiga ko‘ra, bu xatti-harakatlar Ukraina iqtisodiy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazmoqda hamda xalqaro huquq normalarini qo‘pol ravishda buzmoqda. Hukumat ushbu noqonuniy logistika tizimini to‘liq fosh etish va ularning operatsiyalarini to‘xtatish uchun xalqaro hamkorlar bilan birgalikda ish olib borilayotganini ta’kidladi.
Yangi joriy etilgan sanksiyalar ro‘yxatiga nafaqat transport kompaniyalari, balki ushbu mahsulotlarni sotib olishda ishtirok etayotgan moliyaviy institutlar ham kiritilgan. Davlat rahbari mazkur jarayonni nazorat qilish va noqonuniy savdoga aloqador barcha tomonlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha tegishli idoralarga aniq topshiriqlar berdi.






Izohlar
0