«Komo» direktori Fabregasning ketishi haqidagi xabarlarni rad etdi

Aziz Karimov1 daqiqalik o'qish

«Komo» direktori Fabregasning ketishi haqidagi xabarlarni rad etdi
«Komo» sport direktori Fabregasning «Arsenal» yoki «Chelsi»ga o'tishi borasidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Italiyaning «Komo» klubi sport direktori Karlalberto Ludi jamoa bosh murabbiyi Sesk Fabregasning ehtimoliy ketishi haqidagi xabarlarga to'xtalib o'tdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.

Avvalroq OAVda ispaniyalik mutaxassisga Angliyaning «Chelsi» va «Arsenal» klublari tomonidan qiziqish borligi haqida ma'lumotlar tarqalgan edi. Karlalberto Ludining ta'kidlashicha, klub rahbariyati hozirgi vaziyatdan xavotirda emas va bor e'tiborini bo'lajak uchrashuvlarga qaratgan.

«Biz xotirjammiz va bor diqqatimizni navbatdagi o'yinlarga qaratganmiz. Kelajakni oldindan aytib bo'lmaydi, biroq biz ushbu yo'lni birgalikda davom ettirishimizga ishonchim komil», — deya sport direktorining so'zlarini keltirmoqda Football Italia nashri.

Ma'lumot uchun, Fabregas bosh murabbiy sifatidagi ikkinchi to'liq mavsumini yakunlamoqda. U o'tgan yili A Seriyaga yo'llanma olgan «Komo»ni 2024-2025 yilgi mavsumda o'ninchi o'ringa olib chiqqan edi.

Hozirda jamoa turnir jadvalida beshinchi o'rinda bormoqda va Chempionlar ligasi yo'llanmasini beruvchi hududdan atigi 3 ochko ortda qolmoqda. Bundan avvalroq klub prezidenti Mirvan Suvarso ham Fabregasning ketish ehtimoli borligini tan olgan, biroq hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanini bildirgan edi.

Murabbiyning o'zi esa hozirda faqat chempionatning hal qiluvchi bahslari haqida o'ylayotganini ta'kidlamoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish