
"Atletiko" hujumchisi Xulian Alvares yozgi transfer oynasida "Barselona"ga o'tishi mumkinligi to'g'risida tarqalgan xabarlarga javob qaytardi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Futbolchi turli mish-mishlarga e'tibor bermaslikka va bor e'tiborini jamoasining natijalariga qaratishga harakat qilayotganini ta'kidladi. Alvaresning so'zlariga ko'ra, har hafta matbuotda yangi ma'lumotlar paydo bo'lishi tabiiy holga aylangan.
"Men bunday gap-so'zlarga ahamiyat bermaslikka harakat qilaman. Har hafta yangi ma'lumotlar chiqib turadi.
Bor energiyamni bunga sarflamasdan, ishimga diqqat qaratganim ma'qul", — deya futbolchining so'zlarini keltirmoqda AS nashri. Hujumchi hozirgi vaqtda mavsumning eng muhim pallasi ekanligini va har bir uchrashuvda jamoasiga yordam berishni istashini bildirdi.
Uning qo'shimcha qilishicha, har bir yangilikni rad etish yoki unga izoh berish uchun chiqish qilish imkonsizdir. Eslatib o'tamiz, 29-aprel, chorshanba kuni "Atletiko" Chempionlar ligasi doirasida "Arsenal"ga qarshi maydonga tushadi.
Madridda bo'lib o'tadigan mazkur uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da start oladi. Hozirda madridliklar tarkibida asosiy yetakchilardan biriga aylangan Alvares ushbu muhim bahsda jamoasiga yordam berishga tayyorligini ma'lum qildi.