
Niderlandiyaning PSV futbol klubi erkin agent maqomidagi serbiyalik qanot yarim himoyachisi Filip Kostićni o‘z safiga qo‘shib olganini rasman ma’lum qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Italiyaning Yuventus klubi bilan amal qilgan shartnomasi 1-iyul sanasida o‘z yakuniga yetgan 33 yoshli tajribali vinger endilikda Niderlandiya chempioni sharafini himoya qiladi. Tomonlar o‘rtasida ikki yillik hamkorlikni nazarda tutuvchi bitim imzolandi va futbolchi yangi jamoasida 18-raqamli libosda to‘p suradigan bo‘ldi.
Klub matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan bayonotda qayd etilishicha, Filip Kostić yangi jamoasi mashg‘ulotlariga yaqin vaqt ichida qo‘shiladi. Biroq, klub rasmiy xabariga ko‘ra, futbolchi maydonga tushishidan oldin jismoniy holatini tiklab olishi va murabbiylar shtabi tomonidan belgilangan maxsus dastur asosida tayyorgarlik ko‘rishi talab etiladi.
Ushbu transfer PSV tarkibini kuchaytirish va yevrokuboklardagi muvaffaqiyatli ishtirokni ta’minlash maqsadida amalga oshirildi. Tajribali futbolchining kelishuvi jamoaning yangi mavsumdagi o‘yin uslubiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.






Izohlar
0