
"Real Madrid" klubiga tegishli bo'lgan va ayni paytda "Lion" safida ijara asosida to'p surayotgan hujumchi Endrik o'zining kelajakdagi faoliyati borasida yakuniy to'xtamga kelmaganini bildirdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
19 yoshli braziliyalik futbolchi yanvar oyida Fransiya jamoasi tarkibiga qo'shilgan edi va uning ijara shartnomasi joriy mavsum yakuniga qadar mo'ljallangan. Dastlabki vaqtlarda yosh iqtidor egasi Madridga qaytishni va "Real Madrid"ning asosiy tarkibidan joy olish uchun kurashishni niyat qilayotganini ta'kidlagan edi.
Biroq uning so'nggi bayonotlari bu boradagi rejalar o'zgargan bo'lishi mumkinligidan dalolat bermoqda. Futbolchining so'zlariga ko'ra, u har qanday ssenariyga tayyor.
"Agar "Real Madrid"ga qaytish kerak bo'lsa, buni mamnuniyat bilan bajaraman. Bordi-yu, boshqa jamoaga yo'l olishimga to'g'ri kelsa, bunga ham roziman", — deya Endrikning so'zlarini keltirmoqda Madrid Universal nashri.
Shuningdek, hujumchi hozirda fransuz tilini faol o'rganayotganini ham qo'shimcha qildi. Ma'lumot o'rnida ta'kidlash joizki, Endrik "Lion" safida o'tkazgan 18 ta uchrashuvda o'z hisobiga 7 ta gol va 7 ta samarali uzatmani yozdirib qo'yishga muvaffaq bo'ldi.
Uning samaradorlik ko'rsatkichi Yevropa klublari e'tiborini tortishda davom etmoqda.