
«Borussiya Dortmund» klubining sobiq bosh murabbiyi Nuri Shaxin Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Arda Gyulerni o'z jamoasiga taklif qilgani, biroq rad javobini olgani haqida so'zlab berdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Shaxinning ta'kidlashicha, u yosh iqtidor egasini Germaniyaga ko'chib o'tishga ko'ndirish uchun jiddiy harakat qilgan. Gyuler 2023-yilning yozida Turkiyaning «Fenerbaxche» klubidan «Real Madrid» safiga kelib qo'shilgan edi.
Dastlabki mavsumda u asosiy tarkibda kam maydonga tushgan bo'lsa-da, boshqa klubga ijaraga ketishni istamagan. Murabbiyning so'zlariga ko'ra, futbolchi Madridda qolib, o'z o'rnini isbotlashga qaror qilgan.
«Men Gyulerni "Borussiya"da ko'rishni juda xohlagan edim va uni ko'ndirishga rosa urindim. Biroq u menga: «Nima bo'lishidan qat'i nazar, men "Real"ning asosiy tarkibidan joy olaman», deb javob qaytardi.
Uning bunday qat'iyati menga juda ma'qul keldi. Bugun ko'rib turganimizdek, u haqiqatan ham asosiy tarkibga kirishga muvaffaq bo'ldi», — deya Shaxinning so'zlarini keltirmoqda Madrid Zone nashri.
Ma'lumot uchun, Arda Gyuler 2023-yildan buyon «qirollik klubi» sharafini himoya qilib kelmoqda. Joriy yilning fevral oyida turkiyalik iqtidorli futbolchi 21 yoshni qarshi oldi.
Hozirda u Karlo Ancheloti qo'l ostidagi jamoaning muhim vakillaridan biri hisoblanadi.