Huawei Xitoyda yangi Wi-Fi X mobil routerini sotuvga chiqardi
«Huawei» kompaniyasi Xitoy bozorida Wi-Fi X mobil routeri savdosini boshladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ixbt.com nashrining ma'lum qilishicha, qurilmaning sotuvdagi narxi 2 499 yuan yoki taxminan 345 AQSh dollarini tashkil etmoqda. Texnik jihatdan gadjet uchta tashuvchi chastotani birlashtirish texnologiyasi va to'rt kanalli uzatkich bilan ta'minlangan.
Bu esa ma'lumot yuklash tezligini 5,3 Gbit/s gacha, uzatishni esa 1 000 Mbit/s gacha ko'tarish imkonini beradi. Qurilma korpusi ichiga 16 ta antenna o'rnatilgan bo'lib, ular signalning 360 darajali qamrovini kafolatlaydi.
Tizimning barqaror ishlashini ta'minlash maqsadida ishlab chiqaruvchilar ikki qatlamli grafendan iborat sovutish texnologiyasidan foydalangan. Mazkur yechim yuqori yuklamalar vaqtida qurilmaning qizib ketishidan himoya qiladi.
Yangi model 12 000 mAch sig'imli akkumulyator bilan jihozlangan. Mazkur quvvat manbai routerdan 24 soat davomida uzluksiz foydalanish uchun yetarli hisoblanadi.
Gadjet 4K formatidagi videolarni ko'rish va katta hajmli ma'lumotlarni almashish jarayonlari uchun maxsus optimallashtirilgan.