
Angliyalik hujumchi Markus Reshford ayni paytda ijara asosida "Barselona" safida to'p surmoqda. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Futbolchining transfer huquqi "Manchester Yunayted" klubiga tegishli bo'lib, tomonlar o'rtasidagi kelishuvga ko'ra, kataloniyaliklar forvardni 30 mln yevro evaziga sotib olish huquqiga ega. Biroq "Barselona" rahbariyati ushbu summani kamaytirish va transfer bo'yicha chegirma olish niyatida.
Ma'lum qilinishicha, "Barselona" Reshfordni o'z safida saqlab qolishni rejalashtirgan, ammo yakuniy qaror "Manchester Yunayted" bilan o'tkaziladigan muzokaralar natijasiga bog'liq bo'ladi. Shunga qaramay, klub futbolchining o'zi bilan shaxsiy shartnoma borasida kelishuvga erishgan.
Insayder Nikolo Skiraning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozishicha, Markus Reshford bilan 2030 yilning yoziga qadar mo'ljallangan bitim shartlari kelishib olingan. Ma'lumot uchun, 2025/2026 yilgi mavsumda Reshford barcha turnirlar doirasida 45 ta uchrashuvda maydonga tushdi.
U ushbu bahslarda 13 ta gol urishga va 13 ta golli uzatmani amalga oshirishga muvaffaq bo'ldi. Hozirda hujumchi jamoaning asosiy tarkib o'yinchilaridan biri bo'lib qolmoqda.