
«Barselona» zaxira o‘yinchilari gol urish bo‘yicha Yevropaning yetakchi klublari qatoridan joy oldi Kataloniyaning «Barselona» jamoasi Ispaniya chempionatining navbatdagi turida «Xetafe» ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Uchrashuvda kataloniyaliklar raqib darvozasiga javobsiz ikkita gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Jamoaning ikkinchi goliga zaxiradan maydonga tushgan angliyalik hujumchi Markus Reshford mualliflik qildi.
Ushbu gol «Barselona» uchun joriy mavsumdagi o‘ziga xos ko‘rsatkichni yangiladi. Ma’lum bo‘lishicha, La Liganing joriy mavsumida kataloniyaliklar safida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan futbolchilar tomonidan urilgan gollar soni 17 taga yetdi.
Bu borada Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida faqat bitta jamoa yaxshiroq natija qayd etgan. Myunxenning «Bavariya» klubi a’zolari zaxiradan maydonga tushib, raqiblar darvozasini 18 bor ishg‘ol qilishgan.
Germaniya chempionligini muddatidan avval naqd qilgan «Bavariya»dan farqli o‘laroq, «Barselona» hali rasman chempion bo‘lgani yo‘q. Biroq kataloniyaliklarning ta’qibchi «Real Madrid» ustidan ustunligi 11 ochkoga yetgani sababli, ularning g‘alabasiga shubha qilayotganlar kam qolgan.
Zaxira o‘yinchilarining sermahsulligi esa jamoaning chempionlik poygasidagi asosiy ustunliklaridan biri bo‘lib qolmoqda.