
Toshkent shahridagi Farhod dehqon bozorida o‘tkazilgan navbatdagi nazorat tadbirlari davomida tarkibida nitrat miqdori belgilangan me’yordan yuqori bo‘lgan qovun mahsuloti aniqlandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mazkur holat yuzasidan Sanepidqo‘mitaning poytaxt boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi. Xabarga ko‘ra, Uchtepa tumani sanitariya-epidemiologiya bo‘limi mutaxassislari Veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyasi xodimlari bilan hamkorlikda bozor hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini nazorat qilish yuzasidan tekshiruvlar olib borgan.
Tekshiruv jarayonida sotuvga qo‘yilgan poliz ekinlari orasida inson salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan, ya’ni tarkibida ruxsat etilgan me’yordan ortiqcha nitrat moddasi mavjud bo‘lgan qovunlar aniqlangan. Aniqlangan xavfli mahsulotlar tegishli tartibda savdodan olinib, ularning iste’molga chiqarilishining oldi olindi.
Sanepidqo‘mita vakillari bunday holatlarning takrorlanmasligi hamda aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida poytaxtdagi bozorlarda monitoring ishlarini davom ettirayotganini ta’kidladi. Mutaxassislar iste’molchilarni bozordan mahsulot xarid qilishda ehtiyotkor bo‘lishga va sifat nazoratidan o‘tgan mahsulotlarni tanlashga chaqirdi.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0