
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning rasmiy taklifiga binoan joriy yilning 10–11 noyabr kunlari Antaliya shahriga tashrif buyuradi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Davlatimiz rahbari mazkur safar doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) ishida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Ushbu xalqaro anjuman jahon miqyosidagi eng yirik ekologik tadbirlardan biri hisoblanib, unda sayyoramizdagi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘tkir muammolar va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan global tashabbuslar muhokama qilinadi.
O‘zbekiston delegatsiyasi mazkur sessiyada mintaqaviy ekologik xatarlar, suv resurslarini samarali boshqarish hamda yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha mamlakatimiz pozitsiyasini bayon etadi. Shuningdek, tashrif dasturidan Turkiya rahbariyati bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish va ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvlar ham o‘rin olgan.
Antaliya shahridagi ushbu nufuzli anjumanda qabul qilinadigan qarorlar kelgusida mintaqaviy va global barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.






Izohlar
0