O'zbekistonda o'rtacha oylik ish haqi 6,8 mln so'mga yetdi

Bekzod Nazarov1 daqiqalik o'qish

O'zbekistonda o'rtacha oylik ish haqi 6,8 mln so'mga yetdiO'zbekistonda o'rtacha oylik ish haqi 6,8 mln so'mdan oshdi

Milliy statistika qo'mitasi 2026 yilning birinchi choragi yakunlari bo'yicha mamlakatdagi mehnatga haq to'lash ko'rsatkichlarini e'lon qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Hisobotga ko'ra, respublika bo'yicha o'rtacha oylik ish haqi 6,82 mln so'm darajasida qayd etildi. Hududlar kesimida Toshkent shahri yetakchilikni davom ettirmoqda — poytaxtda ishlovchi aholining o'rtacha daromadi 11,7 mln so'mni tashkil qiladi.

Navoiy viloyati 8,45 mln so'm ko'rsatkich bilan ikkinchi o'rindan joy olgan bo'lsa, eng past maosh Qashqadaryo viloyatida kuzatilib, 4,66 mln so'mga teng bo'ldi. Sohalar tahlili shuni ko'rsatadiki, moliyaviy xizmatlar tarmoqlari eng daromadli yo'nalishlar bo'lib qolmoqda.

Bank, sug'urta, lizing va kredit vositachiligi sohalarida mehnat qilayotgan xodimlarning o'rtacha oyligi 18,6 mln so'mga yetgan. Aksincha, qishloq, o'rmon va baliq xo'jaligi tarmoqlarida mehnatga haq to'lash eng past darajada bo'lib, o'rtacha 3,5 mln so'm atrofida shakllandi.

Shuningdek, ijtimoiy soha vakillari, jumladan, ta'lim tizimi xodimlari 4,61 mln so'm, sog'liqni saqlash sohasi xodimlari esa 4,11 mln so'm miqdorida maosh olgan.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish