London markazida dunyodagi eng yirik kapsula mehmonxonalaridan biri ochildi
Buyuk Britaniya poytaxtining Piccadilly Circus metro bekati yaqinida joylashgan London Pavilion tarixiy binosida Zedwell Capsule Hotel Piccadilly Circus mehmonxonasi ish boshladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Besh qavatdan iborat ushbu majmua 1 000 ga yaqin individual kapsulalarni o'z ichiga oladi. Har bir kapsula 1×1×2 metr o'lchamda bo'lib, minimalizm uslubida jihozlangan.
Xonalar ichida qulay matras, ventilyatsiya tizimi, yoritish moslamalari va elektr rozetkalari o'rnatilgan. Mazkur loyihaning asosiy afzalligi uning narxidir.
London markazidagi an'anaviy mehmonxonalarda bir kunlik turar joy narxi o'rtacha 250 funt sterlingni tashkil etsa, Zedwell mehmonxonasida tunash 30–40 funt sterling (taxminan 600–650 ming so'm) etib belgilangan. Bu narx siyosati budjetli sayohatchilar va qisqa muddatli tashrif buyuruvchilar uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Mehmonxonada sukunat va qorong'ilik ta'minlangan bo'lib, bepul Wi-Fi xizmati yo'lga qo'yilgan. Biroq kapsulalarda derazalar mavjud emas va yuk saqlash uchun qo'shimcha 15 funt sterling to'lov talab etiladi.
CNN jurnalistlari o'tkazgan sinovlarga ko'ra, ushbu format sifatli uyqu uchun samarali bo'lsa-da, yopiq joydan qo'rqadigan insonlar uchun noqulaylik tug'dirishi mumkin. Kompaniya ushbu konsepsiyani kelajakda boshqa yirik shaharlarda ham joriy etishni rejalashtirmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0