
Navoiy viloyatidagi Qizilko'k konida uran qazib olishning sanoat bosqichi boshlandi. "Navoiyuran" kompaniyasi yer ostida tanlab eritish texnologiyasi orqali tijorat ishlab chiqarishni yo'lga qo'yganini bildirdi. Kon zaxiralari 9 400 tonna, umumiy resurslari esa 10 900 tonnaga baholanmoqda.
Kompaniya bosh direktori Jamol Fayzullayevning ma'lumotiga ko'ra, konning tajriba-sanoat sinovlari 2024 yil dekabr oyida boshlangan. Loyiha ikki yillik sinovlardan so'ng tijorat ishlab chiqarish bosqichiga o'tdi. Ushbu bosqich O'zbekistonning 2030 yilgacha uran qazib olish hajmini oshirishga qaratilgan davlat dasturini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Qizilko'k koni 15 yil davomida foydalanishga mo'ljallangan bo'lib, yillik ishlab chiqarish quvvati 1,2 ming tonnaga yetishi kutilmoqda. Qizilqum cho'lining sharqiy qismida joylashgan bu ob'ekt Amantov, Qizilko'k va Janubiy litsenziya bloklarini birlashtiradi. Ishlab chiqarish jarayonida reagentlardan kam foydalanish imkonini beruvchi kislorodli usul qo'llanilmoqda, bu esa mahsulot narxini 2-3 barobarga tushirishga yordam beradi.
Xorijiy OAV xabar berishicha, 2024 yilda O'zbekiston qariyb 4 ming tonna uran qazib olgan va bu ko'rsatkich bilan dunyo mamlakatlari orasida beshinchi o'rinni egallagan. "Navoiyuran" kompaniyasi hozirda 43 ta konni boshqarib, jahon bozorida oltinchi yirik uran ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Kompaniyaning umumiy resurslar bazasi 151 100 tonnani tashkil etadi.