Xorazmda bronza davriga oid yangi qadimiy qabriston topildi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Xorazmda bronza davriga oid yangi qadimiy qabriston topildi

Xorazm viloyatining Tuproqqal’a tumanida olib borilgan arxeologik izlanishlar natijasida fanga avval ma’lum bo‘lmagan qadimiy qabriston hududi aniqlandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Mazkur ilmiy topilma Xorazm Ma’mun akademiyasi mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan dala ekspeditsiyasi jarayonida qayd etilgan. Akademiya axborot xizmati xabariga ko‘ra, tadqiqotlar davomida mazkur yodgorlik hududida toshlardan barpo etilgan 19 ta o‘ziga xos yashiksimon qabrlar mavjudligi aniqlangan.

Arxeologlar tomonidan o‘tkazilgan dastlabki kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, qabrlarning ayrimlarida marhumlar g‘ujanak holatda dafn etilgan. Bu holat qadimgi aholining dafn marosimlari va e’tiqodlari bilan bog‘liq muhim jihatlarni o‘rganishda katta ahamiyat kasb etadi.

Hozirgi kunda mutaxassislar topilgan qadimiy qabristonning tarixiy davrini aniqlash va hududning madaniy qatlamlarini chuqurroq o‘rganish maqsadida ilmiy tahlil ishlarini davom ettirmoqdalar. Mazkur kashfiyot mintaqa tarixini, xususan, qadimgi Xorazm hududida yashagan xalqlarning hayot tarzi va an’analarini yangi ma’lumotlar bilan boyitishi kutilmoqda.

Tadqiqotlar yakuniga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumotlar e’lon qilinishi rejalashtirilgan.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish