
Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida besh yoshli tarbiyalanuvchiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani haqidagi holat jamoatchilik orasida jiddiy xavotirlarni keltirib chiqardi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ushbu o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan 52 yoshli K.M. huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan protsessual tartibda ushlangan.
Tergov harakatlari doirasida sud tomonidan gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilishi belgilandi. Ayni damda mazkur voqea yuzasidan dastlabki tergov-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda gumonlanuvchining shaxsiga oid fotosuratlar va turli xil ma’lumotlar tarqalishi kuzatilmoqda. Huquq-tartibot idoralari barcha fuqarolarni tergov jarayoni yakunlangunga qadar faqat rasmiy manbalarga tayanib ish ko‘rishga hamda tasdiqlanmagan axborotlarni tarqatmaslikka chaqirmoqda.
Mazkur holat tegishli organlar nazoratida bo‘lib, qonuniy baho berilishi ta’minlanadi.






Izohlar
0