Pentagon yopiq tarmoqlarda sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etadi

Madina Yusupova1 daqiqalik o'qish

Pentagon yopiq tarmoqlarda sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etadiPentagon sun'iy intellekt texnologiyalari bo'yicha yirik shartnomalarni imzoladi

AQSh Mudofaa vazirligi Nvidia, Microsoft, Amazon Web Services va Reflection AI kompaniyalari bilan hamkorlikni yo'lga qo'ydi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Ushbu kelishuvlar doirasida sun'iy intellekt texnologiyalaridan maxfiy tarmoqlardagi qonuniy operatsion jarayonlarda foydalanish ko'zda tutilgan. Techcrunch.com nashrining yozishicha, Pentagon ushbu qadam orqali AQSh harbiylarini sun'iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanadigan kuchga aylantirishni hamda qaror qabul qilish jarayonida ustunlikka ega bo'lishni maqsad qilgan.

Mazkur shartnomalar Anthropic kompaniyasi bilan yuzaga kelgan kelishmovchiliklar ortidan imzolandi. Avvalroq Pentagon ushbu kompaniya ishlanmalaridan cheklovsiz foydalanishga intilgan edi, biroq Anthropic ommaviy kuzatuv va avtonom qurollarni yaratishga qarshi shartlar qo'ygan.

Endilikda tanlangan kompaniyalarning sun'iy intellekt modellari yuqori darajadagi xavfsizlik talablariga javob beruvchi IL6 va IL7 muhitlariga joylashtiriladi. Milliy xavfsizlik uchun strategik ahamiyatga ega bo'lgan ushbu tizimlar qat'iy nazorat ostida himoya qilinadi.

Hozirgi vaqtga qadar 1,3 mln nafardan ortiq mudofaa xodimlari GenAI.mil platformasi imkoniyatlaridan foydalanib kelmoqda. Mazkur platforma asosan maxfiy bo'lmagan yo'nalishlarda, jumladan, tadqiqotlar o'tkazish, turli hujjatlarni tayyorlash hamda ma'lumotlarni tahlil qilish vazifalarini bajarish uchun qo'llaniladi.

Yangi kelishuvlar esa harbiy tizimlarning texnologik salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish