
Yevropa kosmik agentligiga tegishli Mars Express apparati o‘zining yuqori aniqlikdagi High Resolution Stereo Camera qurilmasi yordamida Qizil sayyoraning janubiy qutbi yaqinida joylashgan o‘ziga xos hududni suratga oldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ixbt.com manbasining xabar berishicha, ushbu hududning geologik tuzilishi qoyali tizmalar va muzlik qatlamlaridan iborat bo‘lib, o‘zining murakkab relyefi bilan olimlar e’tiborini tortmoqda. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, mazkur hududdagi qoyalar ayrim joylarda bir kilometrdan ziyod balandlikka qadar ko‘tarilib, ulkan zinapoyasimon tizmalarni hosil qiladi.
Ushbu relyef shakllari yuzlab kilometr masofaga cho‘zilgan bo‘lib, Mars sirtidagi qadimiy jarayonlar va iqlim o‘zgarishlari haqida muhim ma’lumotlarni taqdim etishi mumkin. Mutaxassislar ushbu suratlar tahlili sayyoraning relyef evolyutsiyasini tushunishda navbatdagi qadam bo‘lishini ta’kidlamoqda.
Mazkur hududning o‘ziga xosligi shundaki, u yerda muzliklar va qoyali jinslarning o‘zaro uyg‘unlashuvi o‘ziga xos manzara kasb etadi. Hozirgi kunda olimlar ushbu tasvirlar yordamida qutb hududlaridagi cho‘kindi jinslarning shakllanish mexanizmlarini o‘rganishni davom ettirmoqda.






Izohlar
0