Amazon koinot guruhidagi sun'iy yo'ldoshlar sonini 300 tadan oshirdi
Amazon kompaniyasi so'nggi bir hafta ichida amalga oshirilgan ikki parvoz natijasida past orbitali sun'iy yo'ldoshlari sonini 302 taga yetkazdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Shunga qaramay, texnologiya giganti AQSh Federal aloqa komissiyasi (FCC) tomonidan belgilangan litsenziya talablarini bajarishda sezilarli darajada kechikmoqda. Bu haqda Ixbt.com nashri ma'lumot tarqatdi.
Xususan, 30-aprel kuni Fransuz Gvianasidagi Kuru kosmodromidan "Ariane 64" raketasi koinotga yo'llandi. Startdan ikki soat o'tgach, 32 ta Amazon Leo apparati 465 kilometr balandlikdagi maqsadli orbitaga muvaffaqiyatli joylashtirildi.
Mazkur missiyadan bir necha kun avval, 27-aprelda Florida shtatidagi Kanaveral burnidan "Atlas 5" raketasi 29 ta qurilmani koinotga olib chiqqan edi. Hozirda orbitadagi apparatlar miqdori umumiy rejalashtirilgan 3 232 ta sun'iy yo'ldoshning 10 foiziga ham yetmaydi.
Amaldagi tartibga ko'ra, kompaniya 30-iyulga qadar guruhning yarmini orbitaga joylashtirishi shart. Yanvar oyida Amazon parvoz imkoniyatlari yetishmasligini sabab qilib, regulyatordan ushbu muddatni ikki yilga uzaytirishni yoki talabni bekor qilishni so'radi.
Mart oyida kompaniya tarmoqni kengaytirishni tezlashtirish va yillik parvozlar sonini 20 tadan oshirish rejasini e'lon qildi. Shuningdek, "Falcon 9" raketasi orqali yana 10 ta parvoz band qilingan.
Navbatdagi uchirish 22-may kuni "Atlas 5" yordamida amalga oshirilishi kutilmoqda.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0