London politsiyasi Epshteyn ishi bo'yicha imkoniyatlarni boy berganlikda ayblanmoqda
AQShda jinsiy jinoyatlarda ayblangan va vafot etgan moliyachi Jeffri Epshteyn faoliyatiga doir yangi ma'lumotlar e'lon qilindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. BBC jurnalistlari o'tkazgan surishtiruvga ko'ra, Epshteyn London markazidagi Kensington va Chelsi kabi nufuzli hududlarda kamida to'rtta xonadonni ijaraga olgan. Ushbu kvartiralardan noqonuniy maqsadlarda foydalanilgani va ularda asosan Rossiya hamda Sharqiy Yevropadan kelgan ayollar yashagani aniqlangan.
Mazkur ayollarning bir qismi keyinchalik zo'ravonlik qurboni bo'lganini, ayrimlari esa boshqa qurbonlarni jalb qilishga majburlanganini ma'lum qilgan. Hujjatlarga ko'ra, Epshteyn 2011 yildan 2019 yilgacha "Eurostar" poyezdlari orqali Parij yo'nalishida 50 dan ortiq chipta xarid qilgan.
Surishtiruvda Skotlend-Yard faoliyati keskin tanqid ostiga olingan. Britaniya politsiyasi 2015 yilda ushbu jinoyatlarni fosh etish imkoniga ega bo'lsa-da, tegishli tekshiruvlarni boshlamagan.
Huquq himoyachilari huquq-tartibot organlarining odam savdosi va zo'ravonlik holatlariga nisbatan befarqligini qoraladi. Shu bilan birga, "The Telegraph" nashri AQSh Adliya vazirligi Britaniyadagi tekshiruv jarayonlariga to'sqinlik qilayotgani haqida yozdi.
Xususan, ayrim siyosiy arboblarning Epshteyn bilan aloqalariga doir dalillarni taqdim etish kechiktirilmoqda. Hozirda Fransiya huquq-tartibot organlari ham mazkur ish yuzasidan yangi tergov harakatlarini boshlagan.
Ekspertlar ushbu jinoiy tarmoqni to'liq fosh etish uchun xalqaro darajadagi hamkorlik zarurligini ta'kidlamoqda.