Turkiyaning markaziy qismida joylashgan Konya viloyatida kuzatilayotgan geologik o‘zgarishlar ham mutaxassislar, ham mahalliy aholi o‘rtasida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Mamlakatning eng yirik qishloq xo‘jaligi markazlaridan biri bo‘lgan ushbu hududda yer osti suv zaxiralarining keskin kamayib ketishi va uzoq davom etgan qurg‘oqchilik oqibatida yuzlab ulkan o‘pqonlar paydo bo‘lishi kuzatilmoqda. Olimlarning ta’kidlashicha, Konya havzasida yer sathining cho‘kishi va tuproq ostidagi bo‘shliqlar tufayli yuzaga kelayotgan bu jarayon mintaqa ekotizimi uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Qishloq xo‘jaligida sug‘orish uchun yer osti suvlaridan me’yoridan ortiq foydalanilishi tuproq tarkibining o‘zgarishiga va barqarorligini yo‘qotishiga olib kelmoqda. Natijada yer yuzasida paydo bo‘layotgan chuqur o‘pqonlar nafaqat ekin maydonlariga, balki infratuzilma ob’ektlariga ham zarar yetkazishi mumkin.
Tadqiqotchilar vaziyatni nazorat ostiga olish va yer osti suv resurslarini boshqarish tizimini qayta ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidlamoqda. Agar suvdan foydalanish tartibiga rioya qilinmasa va tabiiy muvozanat tiklanmasa, kelgusida ushbu hududdagi geologik xavfli jarayonlar yanada kengayishi va yanada jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda.
Hozirgi kunda mutaxassislar hududdagi geologik holatni chuqur o‘rganish va yuzaga kelgan vaziyatni yumshatish choralarini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqdalar.
Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.






Izohlar
0