
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius rasmiy Berlinning Ukrainaga qo‘shimcha Patriot raketaga qarshi mudofaa tizimlari hamda ularga tegishli o‘q-dorilarni yetkazib berish imkoniyati qolmaganini ma’lum qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Vazirlik rahbarining qayd etishicha, Germaniya ushbu turdagi qurol-yarog‘ zaxiralarini deyarli tugatib bo‘lgan. Hozirgi vaziyatda yangi ta’minotni amalga oshirish mamlakatning milliy xavfsizligi va umumiy mudofaa qobiliyatiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Pistorius Germaniya o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni bajarishda davom etishini ta’kidlagan bo‘lsa-da, mavjud resurslar chegaralanganini alohida qayd etdi. Harbiy ekspertlarning fikricha, Berlinning ushbu qarori Germaniya armiyasining o‘z hududini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan texnik vositalar taqchilligi bilan bog‘liq.
Hukumat kelgusida mudofaa salohiyatini qayta tiklash va zaxiralarni to‘ldirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratmoqchi. Shu tariqa, Germaniya Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish bilan birga, o‘zining mudofaa tizimi barqarorligini ta’minlash zarurati o‘rtasida muvozanat saqlashga urinmoqda.
Mazkur bayonot Berlinning harbiy yordam siyosatidagi yangi bosqichdan dalolat beradi.






Izohlar
0