Eron raketa dasturi bo‘yicha cheklovlarni bekor qilganini e’lon qildi

Bekzod Nazarov1 daqiqalik o'qish

Eron raketa dasturi bo‘yicha cheklovlarni bekor qilganini e’lon qildi

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat raketa salohiyatini rivojlantirish borasida uzoq yillardan buyon amal qilib kelingan cheklovlar to‘liq bekor qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Mazkur tuzilmaning rasmiy vakili, brigada generali Husayn Mohebiy ISNA axborot agentligiga bergan intervyusida Tehron o‘z raketa tizimlarining uchish masofasiga nisbatan o‘zi o‘rnatgan ixtiyoriy chegaralarni butunlay olib tashlaganini tasdiqladi. Ushbu qadam Eron mudofaa strategiyasidagi muhim o‘zgarishlardan biri sifatida baholanmoqda.

Generalning ta’kidlashicha, mazkur qaror mamlakat xavfsizligini ta’minlash va mavjud geosiyosiy tahdidlarga nisbatan samaraliroq javob qaytarish zarurati bilan bog‘liq. Bungacha Eron o‘z ballistik raketalarining parvoz masofasini ma’lum bir doirada cheklab kelayotgan edi.

Endilikda esa texnik imkoniyatlarni kengaytirish va raketa arsenali samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi bosqich boshlanmoqda. Eron rasmiylari bu o‘zgarishlar mintaqaviy barqarorlikni saqlash hamda mudofaa qobiliyatini mustahkamlash maqsadida amalga oshirilayotganini qayd etishgan.

Yaqin kelajakda ushbu yangi yo‘nalish doirasida amalga oshiriladigan texnik ishlar va ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilishi kutilmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish