Peruda uch mingta tarantulani mamlakatdan olib chiqishga urinishdi

Bekzod Nazarov1 daqiqalik o'qish

Peruda uch mingta tarantulani mamlakatdan olib chiqishga urinishdi

Peru poytaxti Lima shahridagi Xorxe Chaves xalqaro aeroportida yirik kontrabanda holatining oldi olindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Huquq-tartibot organlari xodimlari Germaniyaga noqonuniy yo‘llar bilan olib ketilishi rejalashtirilgan 3 mingdan ortiq tirik tarantula o‘rgimchaklarini musodara qildi. Mazkur jonivorlar aeroport nazoratidan yashirincha o‘tkazish maqsadida uchta chamadonga joylashtirilgan bo‘lib, ular paypoqlar ichiga alohida qadoqlangan holda topilgan.

AFP agentligining xabar berishicha, ushbu noqonuniy yukni mamlakatdan olib chiqib ketishga uringan shaxslar qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, taqiqlangan yuk ikki nafar Germaniya va bir nafar Polsha fuqarosiga tegishli bo‘lgan bagajlar orasida bo‘lgan.

Hozirda tegishli idoralar tomonidan ushbu hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda. Tabiatni muhofaza qilish xizmatlari musodara qilingan tarantulalarning holati yuzasidan tekshiruv o‘tkazib, ularni xavfsiz joyga ko‘chirish choralarini ko‘rmoqda.

Kontrabandachilarning ushbu harakati xalqaro qonunchilik va hayvonot dunyosini himoya qilish qoidalarini jiddiy buzish sifatida baholanmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish