Dunyodagi eng yirik layner qurilishiga 2 mlrd dollar sarflandi
Tarixiy "Titanik" kemasidan bir necha barobar katta bo'lgan dunyodagi eng yirik layner qurilishi yakunlandi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Qiymati 2 mlrd AQSh dollariga baholangan ushbu kema o'zining texnik ko'rsatkichlari bilan zamonaviy muhandislik cho'qqisi hisoblanadi. Laynerning umumiy uzunligi taxminan 3,5 ta futbol maydoniga teng bo'lib, o'zining ko'lami bilan ochiq okeandagi suzuvchi shaharni yodga soladi.
Muhandislik loyihasiga ko'ra, kemada 20 ta paluba mavjud bo'lib, unda yo'lovchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, layner ichida tropik o'simliklar bilan to'ldirilgan markaziy park, keng qamrovli akvapark hamda maxsus karting trassasi barpo etilgan.
Shuningdek, sayyohlar uchun 30 dan ortiq attraksion, 40 dan ziyod restoran va dam olish maskanlari xizmat ko'rsatadi. Kemadagi turar joylar hashamat darajasi bo'yicha dunyodagi besh yulduzli mehmonxonalar bilan raqobatlashadi.
Sig'im imkoniyatlariga ko'ra, kema bir vaqtning o'zida 7 000 nafardan ortiq yo'lovchi va 2 000 nafar ekipaj a'zosini o'z bag'riga oladi. Ochiq okeanda harakatlanuvchi ushbu ulkan inshoot jami 10 000 ga yaqin insonning hayot faoliyati uchun mo'ljallangan yaxlit infratuzilmaga ega.