Hindistonda yo'lbars qo'riqxonalari hududida smartfondan foydalanish taqiqlandi
Hindiston hukumati yovvoyi tabiatni muhofaza qilish va sayyohlar xavfsizligini ta'minlash maqsadida yo'lbarslar yashaydigan hududlarda telefon ishlatishga nisbatan qat'iy cheklov joriy etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ushbu qaror sayyohlarning mas'uliyatsiz harakatlari hayvonlar va insonlar hayotiga jiddiy xavf tug'dirayotgani sababli qabul qilindi. Hindiston Oliy sudi 2025 yil noyabr oyida safari vaqtida aloqa vositalaridan foydalanishni taqiqlash haqida tarixiy qarorni e'lon qildi.
Kuzatuvlarga ko'ra, dam oluvchilar hayvonlarni suratga olishga haddan tashqari berilib ketishi natijasida yirtqichlarda kuchli stress holatlari kuzatilgan. Masalan, 2026 yil fevral oyida Rajastxan shtatidagi Ranthambor bog'ida sayyohlar bir necha avtomobilda yo'lbarsning yo'lini to'sib qo'ygani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keskin bahslarga sabab bo'ldi.
Jurnalist Charukesi Ramadurai keltirgan ma'lumotlarga ko'ra, suratga olish jarayonidagi ehtiyotsizlik turli baxtsiz hodisalarga sabab bo'lmoqda. Xususan, telefonini tushirib yuborgan sayyohlar tufayli gidlar yirtqichlar yaqinida mashinadan tushishga majbur bo'lgan, ba'zi hollarda esa selfi bilan ovora bo'lgan ota-onalar bolalarini xavf ostida qoldirgan.
Ma'lumot uchun, Hindiston dunyodagi Bengal yo'lbarslarining 75 foiziga (3 600 boshdan ortiq) vatan hisoblanadi. 2010 yildan buyon ushbu jonivorlar soni ikki baravar ko'paygan bo'lsa-da, ular hamon yo'qolib ketish xavfi ostidagi turlar ro'yxatida turibdi.
Shu bilan birga, so'nggi besh yilda mamlakatda yo'lbarslar hujumi oqibatida 418 kishi halok bo'ldi. Yovvoyi tabiatni asrash bo'yicha global choralar boshqa davlatlarda ham kuzatilmoqda.
Keniya hukumati antilopalar migratsiyasiga xalaqit berganlar uchun jazoni kuchaytirgan bo'lsa, Shpitsbergan hududida oq ayiqlarga 300–500 metrdan yaqinroq kelish man etilgan. Endilikda Hindistondagi qo'riqxonalarga kirishda sayyohlar telefonlarini maxsus joylarda qoldirishi talab etiladi.