Turkiya hukumati bolalar internet xavfsizligini ta'minlash bo'yicha yangi qonunni tasdiqladi
Turkiyada voyaga yetmaganlarni internetdagi zararli kontentdan himoya qilish maqsadida yangi qonun qabul qilindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Reuters agentligi bergan ma'lumotga ko'ra, endilikda 15 yoshga to'lmagan shaxslarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi rasman taqiqlandi. Yangi tartibga muvofiq, barcha onlayn platformalar foydalanuvchilarning yoshini qat'iy tekshirish tizimini joriy etishi shart.
Bu chora yoshni yashirgan holda ro'yxatdan o'tish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan. Cheklovlar nafaqat ijtimoiy tarmoqlarni, balki o'yin platformalarini ham qamrab oladi.
Kompaniyalar o'yinlarni yosh toifalariga ajratishi va belgilangan me'yorlarga amal qilinishini ta'minlashi lozim. Shuningdek, yirik internet servislariga Turkiya hududida o'z vakolatxonalarini ochish majburiyati yuklandi.
Bu davlat organlariga onlayn muhitni nazorat qilish va qonunbuzarliklarga qarshi tezkor choralar ko'rish imkonini beradi. Yeni Shafak nashrining yozishicha, hukumat bolalar uchun maxsus filtrli sim-kartalar chiqarish loyihasini ham ko'rib chiqmoqda.
Bunday kartalar nomaqbul ma'lumotlarni avtomatik ravishda bloklaydi. Bundan tashqari, 18 yoshgacha bo'lgan foydalanuvchilar uchun internetga kirish tartibini yanada kuchaytirish va VPN xizmatlaridan foydalanishni cheklash masalasi muhokama qilinmoqda.
Ushbu o'zgarishlar raqamli xavfsizlik va yosh avlodni axborot xurujlaridan asrash yo'lidagi strategik qadam sifatida baholanmoqda.