Turkiya 15 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi
Turkiyada 15 yoshga to'lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi tartib kuchga kirdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Yangi qonun talablariga ko'ra, internet platformalari foydalanuvchilarning yoshini aniqlash tizimini yo'lga qo'yishi hamda ota-onalar nazorati uchun maxsus vositalarni taqdim etishi shart. Shuningdek, texnologik kompaniyalar zararli deb topilgan kontentlarni zudlik bilan o'chirishi yoki ularga kirishni cheklashi lozim.
Bu haqda AP agentligi ma'lumot berdi. Prezident Erdog'an mazkur qaror bolalar xavfsizligini ta'minlash va ularning shaxsiy ma'lumotlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida qabul qilinganini bildirdi.
Ushbu qonuniy choralar Qahramonmarash shahrida sodir bo'lgan fojiali voqea bilan bog'liq. Ma'lum qilinishicha, 14 yoshli o'smir bir necha kishini o'ldirgan, hozirda huquqni muhofaza qilish organlari uning ijtimoiy tarmoqlardagi harakatlarini tekshirmoqda.
Shunga o'xshash cheklovlar avvalroq Avstraliyada joriy etilgan edi. Keyinchalik Indoneziya hukumati ham yosh bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash bo'yicha tegishli choralar ko'rgan.
Turkiya ushbu tajribani qo'llagan navbatdagi davlatga aylandi. Hukumat ijtimoiy tarmoqlardagi nazoratsizlik voyaga yetmaganlar o'rtasida jinoyatchilik va ruhiy bosimning ortishiga sabab bo'layotganini ta'kidlamoqda.
Yangi tartibga rioya qilmagan kompaniyalarga nisbatan qat'iy choralar ko'rilishi kutilmoqda.