Turkiyada 9 kishini o'ldirgan o'smirning onasi hibsga olindi

Bekzod Nazarov2 daqiqalik o'qish

Turkiyada 9 kishini o'ldirgan o'smirning onasi hibsga olindiTurkiyada maktabdagi qurolli hujumda ayblanayotgan o'smirning onasi hibsga olindi

Turkiyaning Qahramonmarash viloyatidagi Ayser Chalik o'rta maktabida sodir etilgan qurolli hujum yuzasidan olib borilayotgan tergov doirasida yangi tafsilotlar e'lon qilindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Mazkur fojiada 9 kishining, jumladan bir nafar o'qituvchining vafotiga hamda 21 kishining jarohatlanishiga sababchi bo'lgan 16 yoshli Iso Aras Mersinlining onasi Pinar Peyman Mersinli rasman hibsga olindi. Qahramonmarash Bosh prokuraturasi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko'ra, onaning hibsga olinishiga uning o'z farzandining ruhiy salomatligiga nisbatan ko'rsatgan o'ta sovuqqonligi asosiy sabab bo'lgan.

O'tkazilgan surishtiruvlar davomida mutaxassislar va ikki nafar psixolog o'smirni avvalroq ko'rikdan o'tkazib, unga aniq tashxis qo'ygani ma'lum bo'ldi. Shifokorlar Iso Arasning zudlik bilan ixtisoslashgan bolalar psixiatriya bo'limida davolanishi zarurligini uqtirgan bo'lsalar-da, kasbi o'qituvchi bo'lgan onasi bu ko'rsatmalarni inobatga olmagan.

Sud jarayonida ta'kidlanishicha, Pinar Peyman Mersinli farzandining ruhiy xastaligini davolash bo'yicha qonuniy majburiyatlarini bajarmagan va tibbiy yordam olishdan bosh tortgan. Prokuratura ushbu beparvolik o'smir tomonidan sodir etilgan og'ir jinoyatga bilvosita zamin yaratgan deb hisoblamoqda.

Navbatchi sud onaga nisbatan "ehtiyotsizlik oqibatida o'limga sabab bo'lish" ayblovi bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo'lladi. Hozirda mazkur voqea yuzasidan keng qamrovli tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish