Italiyada 24 ta uy 1 yevrodan sotuvga chiqarildi

Bekzod Nazarov1 daqiqalik o'qish

Italiyada 24 ta uy 1 yevrodan sotuvga chiqarildiItaliyaning Vichentsa provinsiyasi shimolidagi o'nta munitsipalitet tog'li hududlarda aholi sonini saqlab qolish va tashlandiq maskanlarni qayta tiklash maqsadida maxsus loyihani boshladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.

Mahalliy hokimiyat organlari o'zaro kelishuvga ko'ra, yaroqsiz holatdagi ko'chmas mulk ob'ektlarini ramziy 1 yevro qiymatida savdoga chiqardi. Bu haqda "leggo.it" nashri xabar berdi.

Pasubio Pikkole Dolomiti tog'li jamoalari birlashmasi mazkur tashabbusni "Pnrr Green Communities" dasturi doirasida amalga oshirmoqda. Loyihaga ko'ra, dastlabki bosqichda aniqlangan 385 ta ob'ektdan 24 tasi sotuvga qo'yilgan.

Arizalarni qabul qilish muddati 16 aprel kuni yakunlangan bo'lsa-da, talabgorlar soni kutilganidan yuqori bo'ldi. Ma'lum qilinishicha, tashkilotchilarga jami 78 ta rasmiy taklif kelib tushgan bo'lib, ularning 14 tasi xorijliklar tomonidan yuborilgan.

Ittifoq rahbari va Monte-di-Malo meri Moze Skvartson ushbu loyihani hudud kelajagi uchun muhim qadam deb baholadi. Uning so'zlariga ko'ra, asosiy maqsad odamlar tark etgan qishloqlarga hayot qaytarish va bu maskanlarni qayta gavjum qilishdir.

Sotib olingan uylarni ta'mirlash majburiyatini olgan yangi egalarning yakuniy ro'yxati may oyi boshida e'lon qilinishi rejalashtirilgan.

Izohlar

0

Hali izoh yo'q. Birinchi bo'ling.

Izoh qoldirish