
«Napoli» bosh murabbiyi Antonio Konte jamoaning markaziy hujumchisi Romelu Lukaku bilan bog'liq vaziyat yuzasidan o'z fikrlarini bildirdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Hozirda belgiyalik futbolchi va klub rahbariyati o'rtasida tushunmovchilik yuzaga kelgan. Ma'lum bo'lishicha, Lukaku terma jamoalar tanaffusi vaqtida jarohat olgan.
«Napoli» rahbariyati hujumchidan darhol klub qarorgohiga qaytishni so'raganiga qaramay, u Belgiyada qolib, tiklanish jarayonini mustaqil ravishda davom ettirgan. Italiyaga qaytganidan so'ng esa futbolchi va murabbiy o'rtasidagi munosabatlar sovuqlashgani oydinlashdi.
Antonio Konte Lukakuning harakatlaridan norozi ekanini yashirmadi. «U bazada edi, mening kabinetim esa juda yaqin joylashgan.
Shunday bo'lsa-da, hech kim eshikni taqillatmadi. Bunday vaziyatlarda murabbiy hammani tushunishga harakat qiladi, biroq hech kim murabbiyni tushunishga urinmaydi», — deya Kontening so'zlarini keltirmoqda Italiya matbuoti.
Ma'lumot uchun, Romelu Lukaku joriy mavsumda «Napoli» safida barcha turnirlar doirasida jami 7 ta uchrashuvda maydonga tushib, o'z hisobiga bitta gol yozdirib qo'ygan. Hujumchining tartib-intizom bilan bog'liq muammolari uning jamoadagi kelajagini so'roq ostida qoldirmoqda.