
"Barselona" hujumchisi Rafinya Dias o‘zining joriy mavsumdagi muvaffaqiyatlarida bosh murabbiy Xans-Diter Flikning o‘rni beqiyos ekanligini alohida ta’kidladi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Braziliyalik futbolchi odatda qanot hujumchisi sifatida harakat qilsa-da, jamoa ustozi uni markaziy hujumchi pozitsiyasiga o‘tkazdi va bu qaror o‘z samarasini bermoqda. "Flik hayotimni tubdan o‘zgartirdi va buni har doim takrorlayman.
U mening dunyoqarashimga katta ta’sir o‘tkazdi, natijada shaxs sifatida yanada kuchliroq bo‘ldim. Murabbiy sizga ishonsa, bor-yo‘g‘i bir necha og‘iz so‘z kifoya qiladi.
Men uning menga bo‘lgan yuksak ishonchini darhol his qildim", – deydi 29 yoshli futbolchi The Guardian nashriga bergan intervyusida. Rafinyaning e’tirof etishicha, agar Flik bo‘lmaganida, u allaqachon "Barselona"ni tark etgan bo‘lardi.
2024-yil boshida futbolchi klubdagi faoliyati yakuniga yetgan deb hisoblagan va ketishga qaror qilgan edi. Biroq murabbiy bilan bo‘lgan qisqa suhbat vaziyatni butunlay o‘zgartirdi va uni jamoada qolishga ko‘ndirdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy mavsumda Rafinya ajoyib sport formasida. U jamoasi safida o‘tkazgan sakkizta o‘yinda 14 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi va uchta golli uzatmani amalga oshirdi.
Hozirgi kunda u kataloniyaliklar tarkibidagi eng muhim va samarali o‘yinchilardan biri hisoblanadi.






Izohlar
0