
Franchesko Farioli «Chelsi» bosh murabbiyiga aylanishi borasidagi xabarlarga munosabat bildirdi «Portu» bosh murabbiyi Franchesko Farioli Londonning «Chelsi» klubiga o'tishi haqida tarqalgan mish-mishlarga aniqlik kiritdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.
Italiyalik mutaxassis «ko'klar» rahbariyati tomonidan iste'foga chiqarilgan Liam Rosenyorning o'rniga asosiy nomzodlardan biri sifatida ko'rilayotgan edi. 37 yoshli mutaxassis London klubining qiziqishi haqidagi savolga javob berar ekan, hozirgi lavozimini tark etish niyati yo'qligini ma'lum qildi.
Taniqli insayder Fabrisio Romano xabariga ko'ra, Farioli o'z qarorini qat'iy bayon etgan. «Men «Portu» bosh murabbiyiman va bu yerda faoliyatimni davom ettirayotganimdan xursandman», — deya ta'kidladi italiyalik murabbiy.
Ma'lumot o'rnida aytish joizki, «ajdaholar» Portugaliya chempionligini qo'lga kiritishga juda yaqin turibdi. Musobaqa yakunlanishiga uch tur qolganida, jamoa ikkinchi o'rinda borayotgan «Benfika»dan yetti ochkoga o'zib ketgan.
Fariolining «Portu» bilan amaldagi shartnomasi 2028-yilga qadar imzolangan. Shunday qilib, murabbiy kamida keyingi mavsumda ham Portugaliya chempionatida qoladigan bo'ldi.