
O'zbekistonda tadbirkorlik faoliyati sohasida ijobiy o'zgarishlar kuzatilmoqda. Xorijiy OAV xabar berishicha, 2024-yil 24-aprel holatiga ko'ra, 2100 ga yaqin tadbirkorga yuqori barqarorlik reytingi berilgan. Ularning 335 tasi esa biznes sub'ektlari o'rtasida eng yuqori – AAA darajasiga erishgan.
Barqarorlikni baholash tizimi joriy etilganidan buyon, yuqori reytingga ega bo'lgan korxonalar soni 1,3 barobar oshgani aniqlangan. Bu mamlakatda biznes muhitining doimiy ravishda takomillashayotganidan dalolat beradi. Biroq, umumiy ko'rsatkichlarda farqlar saqlanib qolmoqda.
Hozirgi vaqtda 64,4 ming tadbirkor o'rta darajadagi barqarorlikka, 226,2 ming nafari esa qoniqarli toifaga kirgan. Eng ko'p sonli tadbirkorlar – 294,7 ming nafari past reytingga ega ekanligi ma'lum bo'ldi. Sohalar bo'yicha savdo sohasi 690 ta korxonasi bilan yetakchilik qilmoqda, xizmat ko'rsatish sohasi 654 ta sub'yekti bilan ikkinchi o'rinda turibdi. Sanoatda esa 506 ta tadbirkor yuqori reyting olgan.
Qishloq xo'jaligi va qurilish sohalarida bu ko'rsatkichlar sezilarli darajada past bo'lib, mos ravishda 106 va 59 ta korxona yuqori barqarorlik toifasiga kirgan. Bu holat ushbu sohalarda hal qilish lozim bo'lgan muammolar mavjudligini ko'rsatmoqda. Hududlar kesimida Toshkent shahri 709 ta tadbirkor bilan yetakchilik qilmoqda. Toshkent viloyati (258 ta), Samarqand viloyati (180 ta) va Farg'ona viloyati (152 ta) ham yuqori natijalar ko'rsatmoqda.